O‘zbek sportida ayollar futboli ham rivojlanishda davom etmoqda. Matchday sayti “So‘g‘diyona-W” jamoasi a’zosi Ramina Yusupova bilan kichik intervyu uyushtirdi. Quyida ushbu suhbatni o‘qishingiz mumkin.

— Assalomu alaykum, Ramina. Salomatligingiz yaxshimi? O‘zingiz haqingizda qisqacha gapirsangiz.
— Assalomu alaykum, men Yusupova Ramina. Jizzax shahridanman.
— Ramina, futbolga qiziqishingiz qachondan boshlangan?
— Futbolga 6-7 yoshidan buyon qiziqaman.
— Nega aynan futbol, boshqa sport turlari emas?
— Yoshligimdan qo‘shni bolalar bilan shu top tepib katta bo‘lganim uchun hamma sportdan ko‘ra futbolni yaxshi ko‘raman.

— Futboldan boshqa yana qaysi sport turlariga qiziqasiz?
— Voleybol va MMA’ga qiziqaman.
— Futbolga kirib kelishingiz qanday bo’lgan? Qaysi klubda yoki qaysi maktabda shug‘ullanishni boshlagansiz?
— 7-sinfda o’qib yurgan paytimda futbol murabbiylari bizga ayollar futbol klubi ochilgani haqida aytishgan. Men ham qatnashishni xohlaganman, chunki bu mening orzuyim edi.

— Hozirda qayerda faoliyat olib borasiz?
— Hozirda “So‘g‘diyona-W” jamoasida to‘p suraman.
— Qiz bolaga futbolchi bo‘lish osonmi yoki qiyin?
— Yangi futbolchi bo‘lishning o‘ziga yarasha qiyin tomoniyam bor. Lekin hech narsa osonmas, hamma yaxshi narsalarga odam qiyinchilik bilan erishadi.

— Sizda qanday qiyinchiliklar bo’lgan?
— Yuqorida aytganimdek hamma ham qiynaladi. Mashg‘ulotlar davomida jismonan qancha ko‘p qiynalsa, shunchalik o‘yin davomida oson bo‘ladi.
— Shu vaqtga qadar erishgan sovrinlaringiz?
— 2022-yil U-16 3-o’rin bilan O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha bronza sohibi; 2023-yil U-16 3-o‘rin bilan O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha bronza sohibi; 2024-yil U-17 1-o‘rin bilan O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha oltin sohibi; 2024-yil Ayollar Oliy Ligasida 3-o‘rin bilan bronza medal sohibi.

— “So‘g‘diyona-W”ga borish tarixingiz haqida aytib bering.
— Men kichkina edim, ya’ni 14 yosh edim o‘sha payt. Birinchi marta borganimda katta-katta qizlarni ko‘rib men ham orzu qilardim. Men ham kelajakda shunday professional futbolchi bo‘laman deb niyat qilganman, asta sekin niyatlarimga erishib kelyapman. O‘sha birinchi borganimda murabbiylar bilan suhbat qurganimizda “sen hali kelajakda zo‘r futbolchi bo‘lasan, senga ishonamiz” deb gapirgan edi, mashg‘ulotlar jarayonida xato qilsam rosa uyalib, qo‘rqardim, gap eshitaman deb o‘ylardim. Lekin bizga umuman qattiq gapirmagan, aksincha ruhiyatimizni ko‘tarib “Siz eplay olasiz, biz ishonamiz. Xato hammada bo‘ladi deb motivatsiya berishardi, keyin o‘sha xatoni biz kamroq qilishga harakat qilardik”.
Mashg‘ulot jarayonida faqat “eng zo‘ri bo‘laman, eplay olaman” degan gap bilan fikrlash kerak. Keyin esa harakat qilsa hammasi yaxshi bo‘ladi. Men ham o‘sha gap bilan mashq qilardim, xuddi orzuimni ichida yurganday o‘zimni his qilardim. Buni ta’riflab bo‘lmaydi. Boshlang‘ich va hozirgi murabbiylarimdan alohida minnadorman, ular menga judayam ko‘p narsa o‘rgatishdi va haligacha o‘rgatib kelishyapti.

— Nimadan motivatsiya olasiz? Qaysi futbolchiga havas qilasiz?
— Motivatsiyani murabbiyim va uydagilarimdan olaman, ba’zida dardimni ichimga yutib, hech kimga aytmay o‘zimga o‘zim motivatsiya beraman. Bu ko‘proq bo‘ladi. O‘zimga bo‘lgan ishonch o‘zimga motivatsiya beradi. Hozirda Lamin Yamalga havas qilaman, chunki 17 yoshida shuncha narsaga erishdi. Bu hammani ham qo‘lidan kelmaydi va Abduqodir Husanovga havas qilaman. U o‘zbek futbolida yangi tarix yoza oldi.
— Ayol futbolchilarni kuzatib borasizmi?
— Ha, albatta. Dadaboyeva Xolida opa “Bunyodkor”da o‘ynardilar, bu kishi mening ilk murabbiyim. Ularni ortidan himoyachi bo‘lganman. Habibullayeva Diyora opa esa “So‘g‘diyona-W”, ya’ni bizning jamoada o‘ynab ketgan. Hozirda Turkiya jamoasida faoliyat olib boradilar. Lyudmila Karachik “Sevinch-W”da (Nasaf) faoliyatni olib boradi.

— Eng katta orzuingiz va maqsadingiz?
— Orzu bu orzuligicha qoladi, u aytilmaydi. Eng katta orzuim esa maqsadlarimga erishish.
— Professional sohadagi maqsadlaringiz nima?
— Eng yaxshi futbolchilar qatorida bo‘lish, u yog‘iga yana maqsad qo‘yib ketaveramiz. Hozirda esa faqat mashg‘ulot.