matchday.uz sayti ayol futbolchilar bilan suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz O’zbekiston futzal terma jamoasi a’zosi Ominaxon Valixanova bo’ldi. U bilan futbolga kirib kelishi, sportchilar oilasida ulg’ayish va kelajak maqsadlari haqida gaplashdik o’tkazdik.

Ominaxon Valixanova 21 yoshda bo‘lib, Toshkent shahrida tavallud topgan. Professional futbolchi bo’lishidan tashqari sportning tennis turi bilan shug’ullanadi. Ominaxon bugungi kunda tennis bo’yicha sport ustasi va O’zbekiston terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.
Futbolga kirib kelishi haqidagi savolimizga javob berar ekan “Dadam va akamlarning futbolga bo’lgan muhabbati menda ham bu sport turiga nisbatan kuchli qiziqish uyg’otdi. Bundan tashqari futbolning millionlar o’yini ekanligi ham qiziqishimning yana bir sababi bo’lgan,” – deydi Ominaxon.

Ominaxon o’z sport yo’lini 6 yoshida boshlagan. Otasining futbolga qiziqishi va akasining futbol bilan shug’ullanishi ortidan u ham akasiga qo’shilib futbol o’ynashni boshlagan.
“Dadam bir paytlar futbolchi bo’lishni orzu qilganlar, ammo bu amalga oshmay qolgan. Shu sababli ham o’z orzularini biz orqali ro’yobga chiqarganlar” – deb eslaydi ilk futbolga borgan davrlarini eslarkan.
Ota-onasi, akasi va opasining sportga bo’lgan qiziqishi uning ham sport yo’lidan ketishida muhim rol o’ynagan. Boshida futbol bilan shug’ullanib, o’ynagan bo’lsa-da, keyinchalik taqdir taqozosi bilan tennisga o’tib ketshga qaror qiladi.
Ominaxon yana qaytib futbolga kirib kelishi haqida eslarkan, bizga qiziq voqeani aytib berdi.
“2 yil avval “Paxtakor” stadioniga yugurishga chiqqanimda “Paxtakor” jamoasi murabbiyi o’z jamoasidagi yetmayotgan bir joyga o’ynab berishni taklif qilib qoldi. Yo’q demasdan jamoa uchun o’ynadim. O’yinim ularga ma’qul keldi va menga shartnoma taklif qilishdi. Shu bilan yana professional futbol bilan shug’ullana boshladim.”

“Hozirda “Paxtakor” bilan shartnomam tugagan va “Lokomotiv” ayollar jamoasi bilan muzokaralar olib boryapman,” – deydi Ominaxon.
U sportdagi muvaffaqiyatlarga nafaqat o’z ko’nikmalarini rivojlantirish, balki ko’plab qiyinchiliklarga bardosh bera olish qobiliyati orqali ham erishgan. Garchi qiz bola bo’lishiga va futbol erkaklar sporti deb qaralishiga qaramay, Ominaxon har doim o’z orzulariga erishishga intilishadi.
“Ba’zida “futbol erkaklar sporti” degan gaplar menga og‘ir botadi, lekin men har doim bu fikrlarni o’z qobiliyatlarim va harakatlarim orqali o’zgartirishga tayyorman,” – deydi u.
Ominaxonning o’ziga xos yo‘li va sportga bo’lgan qiziqishi ko‘plab qizlar uchun ilhom manbai bo‘ladi deb umid qilamiz
Matchday jamomiz bilan unga muvaffaqiyatlar tilaymiz va kelajakda yutuqlarga erishishiga tilakdoshmiz!