Britaniyaning The Times nashri yaqinda “Manchester Siti” safiga borib qo‘shilgan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovga bag‘ishlangan maqola chop etdi.

““Manchester Siti”ning yangi xaridi — Abduqodir Husanov tezlik borasida Kayl Uolkerdan qolishmaydi” sarlavhali maqolada Husanovning “Lans” jamoasidan 42 million funt sterlingga xarid qilingani, “shaharliklar” safi o‘zbekistonlik muxlislar bilan ortgani, jamoaning azaliy ishqibozlari uchun esa Markaziy Osiyoning ushbu “sirli” mamlakati haqida ko‘proq bilishga yo‘l ochilgani yozilgan.
Maqolada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Yevropadagi vakili Dilshod Ro‘zmetovning ham fikrlari keltirilgan: “Ushbu transfer o‘zbek futboli uchun ham juda muhim. Bu boshqa o‘zbek futbolchilari uchun Yevropa sari yo‘l bo‘lib, ularga yangi imkoniyatlarni ochishi mumkin”, — deydi Ro‘zmetov.

Nashrda Abduqodirning fransuz klubidagi faoliyati haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tilgan. Husanov “Lans”da Kevin Dansoning jarohatidan so‘ng muhim o‘yinchiga aylangan. Shu o‘rinda murabbiylarning ham uning qobiliyatini o‘z vaqtida payqaganini e’tirof etib o‘tish lozim. Husanovni jamoadoshlari “Tank” deb atagan.
Shuningdek, maqolada “Lans” futbolchisi Kevin Dansoning ham yurtdoshimiz haqidagi fikrlari o‘rin olgan. “Qodir ajoyib futbolchi va buni hamma ko‘rdi. Men uni o‘tgan mavsumdan buyon bilaman. Agar u Yevropaning eng yaxshi klublaridan biridan o‘tganida, uning narxi 100 million yevroga teng bo‘lishi mumkin edi”, — deydi Kevin.

Abduqodirning tezligiga alohida e’tibor qaratgan nashr bu borada Italiyaning “Milan” jamoasiga o‘tgan Kayl Uolkerdan qolishmasligi ta’kidlangan.
“Husanovning tezligi muammolarimizni hal qiladi deb o‘ylamayman, lekin u bizga yordam bera oladi. U markaziy himoyachi, biroq Abduqodir turli pozitsiyalarda o‘ynay oladi”, — deya klub murabbiyi Pep Gvardiola so‘zlaridan iqtibos keltiradi The Times gazetasi.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 25-yanvar sanasida “Manchester Siti” safidagi ilk o‘yinini Londonning “Chelsi” jamoasiga qarshi o‘tkazdi. O‘zbekistonlik himoyachi maydonda 53 daqiqa harakat qildi. Ushbu uchrashuv “shaharliklar”ning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.