“Agar buvijonim “xo‘p” demaganlarida, bugun butunlay boshqa sohada bo‘lardim”. 2024-yilning eng yaxshi ayol futbolchisi — Diyora Xabibullayeva bilan suhbat

Matchday.uz jamoasi ayollar futboli mavzusini davom ettiradi. Bu galgi mehmonimiz O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zosi, 2024-yilda O‘zbekistonning eng yaxshi ayol futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritgan Diyora Xabibullayeva. Diyora bilan suhbatda uning sportga kirib kelishidan to “Trabzonspor”gacha bo‘lgan uzoq yo‘li haqida suhbatlashdik.

— Assalomu alaykum, Diyora. O‘zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz.

— Sirdaryo viloyatida tug‘ilganman. Yoshligimdan futbolga juda qiziqardim va birinchi bo‘lib o‘z mahallamda futbol o‘ynashni boshlaganman.

— Nimaga aynan futbol, boshqa sport turlari emas?

— To‘g‘risi, maktab paytida hamma sport turiga borib ko‘rganman. Lekin hech qaysi biri meni futbolchalik o‘ziga tortmagan. Futbolga dadam juda qiziqardilar. Futbolga bo‘lgan qiziqishim dadamdan ham o’tgan deya bemalol olaman.

— Futboldan boshqa qaysi sport turiga qiziqasiz?

— Futboldan boshqa suzish va katta tennisga juda qiziqaman.

— Futbolga kirib kelish yo‘lingiz haqida aytib bersangiz? Qaysi klubda yoki qaysi maktabda shug‘ullanishni boshlagansiz?

— Maktabni bitirganimdan so‘ng men voleybol sport turi bo‘yicha Guliston Olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga kirdim. Bir kuni mashg‘ulotlarga borganimda, kiyinish xonasida ikki nafar gulistonlik futbolchi qizlarni uchratib qoldim. Ularning futbolkalari orqasida “Metallurg-Women” va “OKMK-Women” deb yozilgandi. Shundan so‘ng ulardan futbolga qanday kirishni so‘radim. Mashg‘ulotlarim tugagach, to‘g‘ri xonamga yugurganman va dadamga qo‘ng‘iroq qilib, futbolchi bo‘lmoqchi ekanligimni aytganman.

Yuqorida ta’kidlaganimdek, dadam futbolga qiziqardilar va tanishlari orqali meni Bekobodga olib bordilar. Ammo “Metallurg-Women”ga borishim oson kechmagan. Sababi, uyimizda dadamdan oldin gapiradigan buvijonim bor edilar. Buvimning oldilaridan o’tdik va bizga rozilik berdilar. Agar o‘sha kuni buvijonim “yo‘q” deganlarida men hozir bu darajada bo‘lmagan, balkim butunlay boshqa sohada bo‘lar edim. Shu tariqa “Metallurg-Women”ga bordim va birinchi murabbiyim Sherali Babakulov qo‘l ostida futbol sir asrorlarini o‘rgandim.

— Hozirda qayerda faoliyat olib borasiz?

— Bugungi kunda Turkiyaning “Trabzonspor” ayollar futbol klubida faoliyatimni davom ettirmoqdaman.

— Unga qadar qaysi jamoalarda to‘p surgansiz?

— Xo‘sh, “Trabzon”gacha men Jjizzaxning “So‘g‘diyona-W” klubida to‘p tepdim va liganing birinchi mavsumi tugaganda “Trabzon”ga ko‘chib o‘tdim. Ko‘chib o‘tishimning birinchi sababi, klubda moilaviy muammolar bo‘lib qoldi. Yana bir sababi esa meni faoliyatimni chetda davom etirrishni xohladim. O‘zbekistondan tashqarida o‘z imkoniyatlarimni sinab ko‘rishni istadim.

“Trabzon” jamoasi murabbiyi o‘zbek futbolchilariga qiziqadi va o‘yinlarimizni kuzatib boradi. Aslida menga bunaqa taklif 3 yil oldin bo‘lgandi, lekin shartnoma shartlarini hecham kelisha olmagandik. Mana oxiri o‘tgan yili kelisha oldik va u jamoaga ko‘chib o’tdim. Bu fikrimni oila a’zolarim va yaqin insonlarim ham qo‘llab-quvvatlashdi.

— Hozirgi yutuqlarga erishishingizda kimlarning hissalari katta?

— Bilasizmi, futbol jamoaviy o‘yin. Shuning uchun ham mening hozirgi darajada turishim sababchilari bu mening sobiq jamoadoshlarim va murabbiyim Sherali Babakulov hisoblanadi.

— Qiz bola sifatida futbolchi bolish osonmi yoki qiyin?

— Ayol kishi sifatida futbolchi bo‘lish juda qiyin rostini aytsam. Sabablariga alohida to‘xtalgim kelmadi, ochig‘i. Albatta qiyinchilik hammada bo‘ladi. Ammo o‘sha qiyinchiligingiz orqasidan ota-onangiz faxrlanadigan natijaga erishsangiz u qiyinchiliklar bilinmaydi. Menda faqat hozirgi natijalarimga erishishim uchun qilgan mehnatim eng asosiy qiyinchiliklarim edi. Ammo bularning ortida ota-onamning qo’llab-quvvatlovi va duolari yotibdi. Bu uchun ulardan juda minnatdorman.

— Suhbat uchun sizga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.

— Salomat bo‘ling.

Ma’lumot uchun, Diyoraxon Xabibullayeva 2024-yilda “O‘zbekistonning eng yaxshi ayol futbolchisi” deya e’tirof etildi. Bundan tashqari u “O’zbekiston ayollar ligasining eng yaxshi futbolchisi”, 4 karra ayollar ligasi to’purari, 2 karra O’zbekiston chemioni, 3 karra kumush va 4 karra bronza medali sohibasi hisoblanadi. Aytishimiz mumkinki, Diyoraxon O’zbekistonning eng sovrindor futbolchilaridan biridir.

Back To Top