Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi futbolchisi Ollobergan Karimov Yamanga qarshi oʻtgan uchrashuv hamda keyingi oʻyinlar haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

— Yamanga qarshi ilk uchrashuv haqida nima deya olasiz?
— Birinchi turda oson boʻlmagan oʻyinda qatnashib, gʻalaba qozondik. Birinchi boʻlim toʻliqligicha bizning nazoratimiz ostida oʻtdi. Gol kiritishga erishdik, vaziyatlar yarata oldik. Ikkinchi boʻlimni ham yaxshi boshladik, lekin oxirgi daqiqalarda raqibimizda ham imkoniyatlar boʻldi. Chunki raqib ham musobaqaga yaxshi tayyorgarlik koʻrgan va ular ham gʻalaba uchun kurashishga harakat qilib koʻrishdi. Biz uchrashuvda gʻalaba qozondik, bundan xursandmiz. Biroq xatolarimiz ustida ishlab, oʻyinimizni yaxshilash ustida harakat qilamiz.
— Indoneziya va Eronga qarshi oʻtadigan keyingi uchrashuvlar haqida
— Indoneziya bilan Eron oʻzaro oʻyinda ham bir biriga qarshi munosib oʻyin koʻrsatishdi. Eron oʻz imkoniyatlaridan foydalanib, 3 ochkoni qoʻlga kiritdi. Ular bilan avval ham oʻynaganmiz. Bu ikkita uchrashuvda ham gʻalaba qozonib, oʻzbekistonlik muxlislarni xursand qilamiz degan umiddaman.
— Siz 17 yoshlilar oʻrtasidagi Osiyo kubogida ham ishtirok etgansiz. Bugungi kunda U-20 safida ham harakat qilyapsiz. Har ikki turnirning oʻxshashliklari va farqlari qanday?
— Ikkala yosh toifasidagi musobaqa ham oʻziga yarasha qiziq va murakkab. Boshqa jamoalarda ham biz singari U-17 da toʻp surib, hozirda U-20 jamoasi safidan oʻrin olgan futbolchilarni koʻryapmiz. Chempionat yuqori saviyada va unda kuchli jamoalar ishtirok etmoqda.