“Murabbiylik — neblagodarnaya professiya”. Bu bejizga emas

Nega endi “Murabbiy” deganda yillab bir kurtkani kiyib yuradigan yoki mashinasi yo‘q inson tasavvurimizga kelishi kerak?

Balkim, bu gaplar kimlargadir yoqmas, g‘ashiga tegar, lekin haqiqat shuki, murabbiy pul muammosi yo‘qligida o‘z ishiga 100% e’tibor qaratishi mumkin.

Har birimiz uchun birinchi navbatda oilamiz va yaqinlarimiz yaxshi sharoitda yashashi muhim! Agar murabbiy doim boshqa ish izlashga majbur bo‘lsa yoki kun davomida 3-4 ta guruhda mashg‘ulot o‘tkazsa, bu mashg‘ulotlarga bo‘lgan e’tibor pasayishi tabiiy.

Futbolchilar katta maosh olishini hamma normal qabul qiladi, ammo ularni tayyorlagan, mehnati tan olinmagan murabbiy haqida ko‘pchilik o‘ylamaydi. Katta yulduzlarning ortida qancha mashaqqat, mehnat, fidoyilik borligini faqat murabbiyning o‘zi biladi.

Katta yoshli murabbiylardan ko‘p eshitganmiz: “Murabbiylik — neblagodarnaya professiya”. Bu bejizga emas.

Ota-onalar yoki futbolchilar ozgina ko‘zga ko‘rinib o‘ynab qolsa, murabbiyga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Bola esa ertaga murabbiyning mehnatini unutadi. Ota-onaning fikricha esa, o‘g‘li shundoq ham zo‘r bo‘lgan, uning yutuqlari faqat uning o‘z mehnati va iqtidori tufayli.

Hozirgi kunda bitta guruh bilan ishlaydigan murabbiyni kamdan kam uchratasiz. Ko‘pchilik kamida ikkita, ba’zilar esa 3-4 ta guruhni boshqaradi. Bu esa murabbiyning sifatli mashg‘ulot o‘tkazishiga ta’sir qiladi.

Ba’zi murabbiylar qo‘shimcha daromad qilish uchun biznes bilan shug‘ullanadi, ammo bu ham hammaga nasib qilmaydi. Ko‘pchilik esa Yandex taksi haydaydi, individual mashg‘ulotlar o‘tkazadi yoki boshqa qo‘shimcha ishlar topib, tirikchilik qiladi.

Aslida murabbiy futbolchi yetishtirib, keyin u futbolchidan yordam kutib yashashi noto‘g‘ri. Murabbiy o‘z mehnatining hosilini, ilimini va umrini futbolchida emas, o‘zining munosib daromad olishida ko‘rishi kerak. U shunday maosh olishi kerakki, kelajakda “Shogirdim katta futbolchi bo‘lsa, menga yordam qiladi” degan umid bilan emas, hoziroq yaxshi hayot kechirib, o‘zini hurmat qilgan holda ishlashi kerak.

Albatta, bu barcha murabbiylar yoki barcha ota-onalar haqida emas. Haqiqatan ham murabbiy mehnatini qadrlaydigan, uning mashaqqatini tushunadigan ota-onalar va shogirdlar bor.

Shu bilan birga, hozir yaxshi daromad oladigan murabbiylar ham yo‘q emas.

Men ba’zi murabbiylarni bilaman: ozgina puli ortsa, o‘ziga yangi telefon yoki shaxsiy narsalar sotib olish o‘rniga, bolalar uchun ko‘ptok, konus, fishka oladi. Ular shogirdlari yaxshi sharoitda mashg‘ulot o‘tkazishi uchun o‘z mablag‘ini sarflashdan tortinmaydi. Chunki haqiqiy murabbiy uchun eng katta yutuq – bu uning tarbiyalagan futbolchilari!

Men murabbiylar o‘z mehnatlariga baland baho berib, yaxshi daromad topishlari tarafdoriman!

Abdulloh Zikrullayev, Odil Ahmedov FA murabbiyi

Back To Top