7-mart kuni futbol bo’yicha Superliganing yangi mavsumi start oldi.

Matchday.uz saytining xodimlari quyida 9-mart kuni yakunlangan tur o’yinlari haqida batafsil to’xtaladi.
Turga OKMK – “Buxoro” bahsi start berdi, soat 19:30da boshlangan qarama-qarshilikda gol 11-daqiqada mezbonlar a’zosi Xurshid G’iyosov tomonidan kiritildi. 1:0. Oradan ko’p o’tmay, 19-daqiqada Anvarjon Jo’rayev muvozanatni tikladi. Shu tariqa, 1-bo’lim yakunlandi va jamoalar tanaffusga yo’l olishdi.
2-taym ham birinchisi singari hujumlar ostida kechdi, lekin 90+2-daqiqagacha darvozalar ishg’ol qilinmadi. O’yinning so’nggi daqiqalari bo’lmish 90+2-daqiqada Ali Abdurahmonov zarba yo’llab, jamoasining g’alaba golini kiritdi. 2:1. Shu tariqa, “konchilar” o’z uyida zafar quchdi.
8-mart kuni “Qizilqum” o’z uyida “Surxon” bilan bellashdi, ushbu qiziqarli kechgan to’qnashuvda Navoiyliklar zafar quchdi, dastlab tezkor golni 9-daqiqada jamoaning legioneri Roman Papariga kiritgan bo’lsa, 90+4-daqiqada Elguja Lobjanidze gol urib, jamoasining g’alabasini mustahkamladi. 2:0. Shu tariqa, 35-daqiqada “Surxon” futbolchisi Jahongir Abdusalomov qizil kartochka olgan qarama-qarshilikda “oltin izlovchilar” g’alabani tantana qilishdi.
Shu kuni muxlis va muxlisalar “Vodiy derbi”siga guvoh bo’lishdi va unda “Qo’qon-1912” “Andijon”ni qabul qilib durangga imzo chekdi, uchrashuvdagi ilk golga 35-daqiqada Rustam Turdimurodov mualliflik qilgan bo’lsa, 1-bo’lim yakunlanishiga oz qolgan bir pallada, aniqrog’i, 42-daqiqada Andro Giorgadze muvozanatni tikladi. Ushbu gol to’qnashuvdagi so’nggi gol bo’lib, o’yinning so’nggicha saqlanib qoldi.
Shu kuni vodiyning boshqa bir jamoasi “Neftchi” “Bunyodkor”ning mehmoni bo’ldi, murosasiz kechgan bahsda 2:2 hisobi qayd etildi. Mezbonlardan Najmiddin Normurodov, Itsuki Urata gol urgan bo’lsa, Farg’onaliklardan Zoran Marushich va Ibrohimhalil Yo’ldoshev javob qaytardi.
9-mart kuni “Sho’rtan” “Xorazm”ning mehmoni bo’ldi va mag’lub bo’ldi, Gollarni Rustamjon Abduhamidov va Murod Bobojonov kiritdi.
Shu kuni vodiyning yana bir boshqa jamoasi – “Navbahor” “Dinamo”ga qarshi saf tortdi, qiziqarli o’tgan mazkur bellashuv 0:0 hisobida yakuniga yetdi.
Turni yakunlab beruvchi shu kungi “Nasaf” – So’g’diyona qarama-qarshiligi kichik 1:0 hisobida yakunlandi, yagona golni mehmonlar futbolchisi Muhammadyusuf Sobirov o’z darvozasiga joylab qo’ydi.
Ma’lumot uchun ta’kidlash joizki, turdan o’rin egallagan “Paxtakor” – “Mash’al uchrashuvi 2-aprel sanasiga qoldirildi.
Maqola muallifi: Jahongir Isaqov