Rafiniya: Shubhasiz, mening shaxsiy maqsadlarim bor, ularga erishishga harakat qilaman

“Barselona”ning Braziliyalik qanot yarim himoyachisi Rafiniya asosiy maqsadi nima ekanligini aytdi.

“Men bunga ortiqcha e’tibor qaratmaslikka harakat qilaman. Mavsumni qanday boshlagan bo‘lsam, shunday davom ettirishga, o‘sha diqqatni, o‘sha maqsadlarni saqlab qolishga intilaman.

Shubhasiz, mening shaxsiy maqsadlarim bor, ularga erishishga harakat qilaman. Lekin, ochig‘ini aytganda, “Oltin to‘p” men uchun asosiy maqsad emas. Mening maqsadlarim – gollar urish, golli uzatmalar berish, “Barselona” va Braziliya terma jamoasi bilan sovrinlarni qo‘lga kiritish. Agar klub va terma jamoada ishlar yaxshi ketsa, tabiiyki, futbolchilardan biri ajralib turadi.

“Oltin to‘p” uchun asosiy nomzodlardan biri ekanligimning o‘zi mening futbolchilik faoliyatim davomida boshdan kechirganlarimni hisobga olganda katta yutuqdir. Bu mukofotga da’vogarlik qilishning o‘zi ham g‘alaba.

Men bunga ko‘p o‘ylanib o‘tirmayman, butun diqqatimni faqat futbolga qarataman. O‘yindan o‘yinga, mashg‘ulotdan mashg‘ulotga oldinga intilaman”.

Back To Top