Ertaga, 25-mart kuni futbol bo’yicha JCH-2026 saralashi 8-turi bo’lib o’tadi.

Tur doirasida O’zbekiston terma jamoasi JCHga chiqish yo’lida, Eronning mehmoni bo’ladi. Toshkent vaqti bilan soat 21:00da “Ozodiy” stadionida boshlanadigan uchrashuv oldidan Forslarning futbolchisi Alirizo Jahonbaxsh Eronlik OAV vakillariga o’z fikrlarini bildirdi.
— Jarohatdan so‘ng maydonga qaytayotganingiz katta voqea bo‘ldi.
— Ha, jarohat sabab Qirg‘izistonga qarshi o‘yinni o‘tkazib yubordim va Qatar hamda Shimoliy Koreyaga qarshi o‘yinlarda asosiy tarkibda tushmadim. Lekin hozir holatim juda yaxshi, ham “Herenven” bosh murabbiyi Henk Bryugge, ham milliy jamoa ustozi Amir G‘alinoiy men 90 daqiqa o‘ynay olishimga ishonmoqda.
— BAAni “Ozodiy”da mag‘lub etishingizga ishonganmidingiz?
— Biz kuchli jamoamiz va hozirgacha Jahon chempionati-2026 uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishimiz mumkinligini isbotladik. BAAga qarshi o‘yinda bir taymda o‘rtacha, 2-taymda esa ancha yaxshi o‘ynadik. Hatto raqib darvozasiga ko‘proq gol urish imkoniyatiga ega edik.
— Endilikda Jahon chempionati oydinlashmoqda!
— G‘alabaga erishdik, lekin hali xotirjamlikka berilishga erta. To‘liq maqsadga yetish uchun, oxirgi ikki o‘yinni formal o‘yinga aylantirishimiz uchun Tehronda O‘zbekistonni mag‘lub etishimiz kerak. Umid qilamanki, bu chorshanba kechasi sodir bo‘ladi va milliy jamoamiz muxlislari bilan katta bayram qilamiz.
— Milliy jamoani mahalliy murabbiy bilan Jahon chempionatiga olib chiqish qanday hissiyot beradi?
— Bu shundan dalolatki, mahalliy murabbiylar ham xorijliklardan kam emas va Eron futboli rivoji uchun faol hissa qo‘sha oladi. Agar biz yosh murabbiylarga ishonch bildirsak va futbol bilimlarini kengaytirish haqida o‘ylasak, kelajakda qimmatbaho xorijlik murabbiylarga ehtiyoj qolmaydi.
— Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan taqdirda, guruh bosqichidan chiqishga va’da bera olasizmi?
— Bu butun millatning orzusi. Uni amalga oshirish uchun samarali yig‘inlar o‘tkazishimiz va dunyodagi eng kuchli jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etishimiz kerak. Mehnatsiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.
— “Herenven”ga moslashib ketdingizmi?
— Ha, xudoga shukr. Hozirgacha “Zvolle” va “Tvente”ga qarshi muhim gollar urdim va bir nechta golli uzatmalar berdim. Murabbiylar ham mening o‘yinimdan mamnun, “Abe Lenstra” stadionida maydonga tushishda hech qanday muammo yo‘q.