
Ayni kunlarda Saudiya Arabistoni futbol bo’yicha 17 yoshgacha bo’lgan futbolchilar o’rtasida Osiyo kubogiga mezbonlik qilmoqda.
Mazkur turnirning guruh bosqichi 2-turi doirasida O’zbekiston o’smirlar terma jamoasi 6-aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlangan uchrashuvda Xitoylik tengqurlariga qarshi maydonga tushdi va kambek amalga oshirgan holda 1:2 hisobida g’alabaga erishdi.
Bahsdan so’ng terma jamoamizning bosh murabbiyi Islom Ismoilov o’z fikrlarini bildirdi.
Matchday.uz saytining xodimlari quyida mutaxassisning fikrlarini sayt o’quvchilarining e’tiboriga havola qiladi.
Endi Saudiya Arabistoni va Tailand o‘rtasidagi o‘yin natijasini kutyapmiz. Katta ehtimol bilan keyingi bosqichga chiqdik, deb o‘ylaymiz. Xitoy biz albatta yengishimiz kerak bo‘lgan jamoalardan biri edi.
Futbolchilarga ortiqcha bosim tushmasligi uchun so‘nggi 3 kun davomida ular bilan doimiy suhbatlar olib bordik. Baribir bu Jahon chempionatiga yo‘llanma beradigan turnir bo‘lgani uchun hissiyotlar kuchli bo‘ladi.
Muxlislar va rahbariyat ishonchini oqlaganimizdan xursandmiz.
1-bo‘limda raqibning qarshi hujumi natijasida gol o‘tkazib yubordik. Tanaffusda yigitlarga o‘yinimiz yaxshi ketayotganini aytdik va ularning ruhiyatini ko‘tarishga harakat qildik.
Biz Xitoy terma jamoasining 60-daqiqalardan so‘ng o‘tish fazalarida muammolarga duch kelishini oldindan o‘rgangan edik. Kutilganidek, ular charchay boshladi va biz aynan shu pallada o‘z imkoniyatimizdan foydalandik.
Keyingi o‘yinda ham g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Kuch tejash niyatimiz yo‘q.