
Bugun sizni Bekobodlik, sobiq futbolchi va hozirgi murabbiy Maftuna Ergasheva bilan tanishtiramiz. U futboldagi ilk qadamlari, murabbiylik faoliyati va ayollar futboli haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Futbolga qanday kirib kelgansiz? Birinchi jamoangiz qaysi?
Futbolga kirib kelishimga ikki inson sababchi bo‘lgan: birinchisi — Krishtianu Ronaldu. Uning o‘yinlari va fintlari meni ilhomlantirgan. Ikkinchisi esa — marhum bobom. Maktabdan kech qaytganimda, katta bolalar bilan futbol o‘ynaganimni ko‘rib, bir kuni: “Jamoaga borasanmi?” deb so‘raganlar. O‘shanda men dunyodagi eng baxtli inson edim.
Birinchi jamoam — “Metallurg-Women”. Aslida Bekobodlikman. Qizig‘i shundaki, bizning oilamizda hech kim futbolga qiziqmagan, faqat men bundan mustasno.

— Futbolchilik faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz?
Futbolchilik faoliyatim juda erta yakunlandi. 13-14 yoshimda boshlanib, 18-19 yoshimda tugadi. Hammasi endi yaxshilanayotgan bir paytda “O‘zbekchilik” to‘siqlari aralashdi. Qo‘shnilar “qiz bola futbol o‘ynamaydi”, “futbolchi qizni turmushga bermaydi” degan gaplarni aytib, oilamga bosim o‘tkazishdi. Ikkita yil uydagilar roziligi bilan o‘ynadim, keyin esa mashg‘ulot va o‘yinlarga yashirincha qatnashdim. Keyinchalik rozi bo‘lishdi, lekin baribir gap-so‘zlar tinmadi va turmushga uzatildim.
— Murabbiylik faoliyatingiz qanday boshlangan?
2021-yilda “Metallurg”da ishladim. 2024-2025 yillarda esa “Lokomotiv” jamoasida murabbiylik qilmoqdaman. Mahallamizdagi stadionga qizimni olib chiqardim, bolalarga mashg‘ulot o‘tkazardim. Bir kuni musobaqada ishtirok etdik va sobiq murabbiyim bilan uchrashib qoldim. Ular mendan litsenziya bor-yo‘qligini so‘radilar, yo‘qligini bilib, qayerda o‘qishim va qanday hujjatlar topshirishim kerakligini tushuntirdilar. Aynan o‘sha inson sabab murabbiy bo‘ldim.

— Sizni futbolga yaqin qilgan inson haqida gapirsangiz?
Bu — Umarov Baxrom aka. Ular meni birinchi bo‘lib murabbiy sifatida ko‘rganlar. Og‘ir kunlarimda ham yordam berib, mashg‘ulot qoldirsam, urishmasdan sababini tinglab, qanday mustaqil mashg‘ulotlar qilishimni tushuntirar edilar. Har doim qo‘llab-quvvatlaganlar. Hozir ham orzum — u kishiga o‘xshagan murabbiy bo‘lish.
— Ayollar futboli rivoji haqida fikrlaringiz?
Ayollar futboliga ko‘proq e’tibor kerak. Bizda hali ham ayollar futboliga oxirgi navbatda qarashadi. Ayrimlar majburlikdan qiziqayotgandek ko‘rishadi. Aslida esa futbolni yuragidan sevadigan, Alloh bergan iste’dodga ega qizlar ko‘p. Tomaris avlodimiz axir! Bizning qonimizda jangchilarning ruhi bor, kurashdan to‘xtamaymiz.
— Murabbiylikdagi maqsadingiz?
Maqsadim — Umarov Baxrom akaga o‘xshagan, qalbi toza va fidoyi murabbiy bo‘lish. O‘zim kabi futbolni chin dildan sevadigan, biroq imkoniyati cheklangan qizlarga yordam berish. Orzusi futbol bo‘lganlarga yo‘l ochish.

— Agar erkaklar jamoasini boshqarish imkoniyati tug‘ilsa, qanday qarar edingiz?
Bu haqida ilgari o‘ylab ko‘rmaganman, lekin imkoniyat bo‘lsa hech qachon rad etmayman. Chunki murabbiy uchun farqi yo‘q — bola yoki qiz bo‘lsin. Qiyinchiliklardan cho‘chimaslik kerak. Har bir qiyinchilik ortida albatta yengillik bor.
— Murabbiy bo‘lish tartibi qanday? Qayerda o‘qish kerak?
Avvalo murabbiy ruhiy jihatdan tayyor bo‘lishi kerak. Futbolni o‘rgatishdan tashqari tarbiyachi va psixolog ham bo‘lishi zarur. Har bir bola — buyuk orzu egasi, murabbiy esa ularning orzusi sari yetaklovchi. Litsenziya va oliy ta’lim diplomi kerak bo‘ladi. Litsenziya olish jarayonida malakali ustozlar bilan ishlaysiz va ko‘p narsa o‘rganasiz.
— Zamonaviy murabbiy qanday bo‘lishi kerak?
Zamonaviy murabbiy — motivator, psixolog va ustoz. U har bir bolaga kerakli paytda ota, do‘st, akaga aylanishi kerak. Mehnatkash, qat’iyatli bo‘lishi shart.
— Qaysi taktika va sxemada o‘ynash yoqadi?
Men chap yarim himoyada va markaziy hujumda o‘ynashni yoqtiraman. Biroq har qanday pozitsiyada o‘ynay olaman. “Menga bu pozitsiya to‘g‘ri kelmaydi” degan tushuncha yo‘q. 3-4-3 sxemasi menga eng yoqqan sxema.
– Samimiy va maroqli suhbat uchun rahmat Maftuna. Kelajakdagi faoliyatingizga muvaffaqiyat tilaymiz.
Rahmat kattakon!