Germaniya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Yoaxim Lyov O’zbekiston terma jamoasi taklifini rad etdi. Bu haqida Bild nashri xabar bermoqda.

Germaniyaning Bild nashri xabariga ko‘ra, Germaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi, 2014-yilgi jahon chempioni Yoaxim lyov O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarish haqidagi taklifni rad etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston ilk bor tarixida jahon chempionatiga yo‘llanma olganidan so‘ng, 65 yoshli mutaxassisni 2026-yilda AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan mundialda jamoa bilan ishlashga taklif qilmoqchi bo‘lgan. Taklif O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (FIFA reytingida 55-o‘rin) tomonidan berilgan bo‘lib, jarayonda mamlakatning Berlindagi elchixonasi ham ishtirok etgan.
Bild yozishicha, Lyov bir necha kun davomida taklif ustida jiddiy o‘ylagan, biroq federatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilmagan. Oxir-oqibat, u bu taklifni muloyimlik bilan rad etgan.
Avvalroq Sport24 nashri ham Lyov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan aloqada ekanini va u terma jamoaga maslahatchi sifatida jalb etilishi mumkinligini xabar qilgan edi. Biroq, O’FA ichida yagona fikr bo‘lmagan: rahbariyatning bir qismi jahon miqyosida tan olingan mutaxassisni jalb etishni xohlasa, boshqalar terma jamoani mundialga olib chiqqan Timur Kapadzeni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan.
Xabarlarga ko‘ra, Kapadze Lyov qo‘l ostida yordamchi murabbiy bo‘lish niyatida emas. Agar nemis mutaxassisi bosh murabbiy etib tayinlansa, u jamoani tark etishi mumkin.
2006–2021-yillarda Germaniya terma jamoasini boshqargan Lyov 2014-yilda Braziliyada jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. U avvalroq milliy terma jamoaga qaytish ehtimolini istisno qilmasligini va murabbiylik faoliyatini yakunlash rejasida emasligini aytgan edi.