2-noyabr kuni Fransiyaning Sofoot.com nashrida hamyurtimiz Fransiyaning “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov haqida Viviyen Dyupon (fr. Vivien Dupont) tomonidan yozilgan maqola e’lon qilindi. Maqolaning to‘liq holda tarjimasini quyida sizga taqdim etamiz.

Abduqodir Husanov — hamma u haqida gapirayotgan kamgap “jangchi”
Abduqodir Husanov o‘zining agressiv zarbalari va yelka berishlari bilan Sariq-qizillar (“Lans” klubining oltinrang va qizil yo‘l-yo‘llarining yana bir nomi) safida o‘zini ko‘rsatmoqda. Lekin “Lans” markaziy himoyachilarini larzaga keltirayotgan bu yosh o‘zbek kim?
Jonatan Gradi, Kevin Danso, va Fakundo Medina. Bu uchlik uch yildan beri, aksariyat hollarda muxlislarni xursand qilib, “Lans” jamoasi himoyasini mustahkamlab kelmoqda edi. Ammo mavsum boshida Markaziy Osiyodan kelgan yosh iste’dod o‘zini ko‘rsata boshladi va jamoaning e’tiborini tortmoqda. Ismi – Abduqodir Husanov. O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi “Lans” tarkibida o‘yindan o‘yinga o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda va endi u o‘zining asosiy tarkibdagi o‘rnini mustahkamlab oldi.

2023-yilning yozida 100 ming yevro evaziga Artuaga kelib qo‘shilganda, Husanovni hali ko‘pchilik tanimasdi. Football Manager o‘yinidagi regen o‘yinchilariga o‘xshash qiyofasi va kamgapligi bilan 29-fevralda tug‘ilgan himoyachi ko‘pchilik orasida deyarli sezilmaydi. “Bu Abduqodir, u gapirmaydi, lekin yaxshi o‘ynaydi”, deb xulosa qilgan edi murabbiyi Uill Stil o‘tgan yili sentabr oyida. “U juda tortinchoq, – deydi Championat.asia sport nashrining o‘zbek jurnalisti Narzulla Saydullayev. – U milliy jamoa bilan o‘ynaganida uni deyarli eshitmaymiz”. Toshkentlik futbolchi “Bunyodkor” akademiyasida ta’lim olgan, bu akademiya “O‘zbek La Masiya”si deb nomlanadi va “Barselona” bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Shu tariqa u otasi, “Bunyodkor” va milliy terma jamoaning sobiq markaziy himoyachisi, Hikmat Hoshimovning yo‘lidan bormoqda. “Otasi har doim uning uchun haqiqiy ideal bo‘lgan, – deydi Husanovning murabbiyi va otasining sobiq jamoadoshi Murod Otajanov. – Otasi bugungi kunga qadar unga yo‘l ko‘rsatayotgan qat’iy intizomini Abduqodirga ham singdirgan”.

Abduqodir o‘yinga tushganda, millionlab o‘zbeklar “Lans”ning o‘yinlarini tomosha qiladi
Abduqodir uchun yo‘l oson bo‘lmadi. 2022-yilda murabbiylari uni juda jussasi kichik va ozg‘in deb hisoblashadi va shu sababli u “Bunyodkor” bilan xayrlashishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng, u omadini Belorusda, “Energetik-BGU” klubida sinab ko‘radi. “Aynan o‘sha yerda u haqiqiy parvozini boshladi”, deydi Narzulla Saydullayev. Minskka kelganidan bir necha oy o‘tib, u klubda asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanadi va U-20 Osiyo Kubogini O‘zbekiston terma jamoasi bilan birgalikda qo‘lga kiritadi. Uning muvaffaqiyatlari na CIES (Xalqaro Sport Tadqiqotlari Markazi) e’tiboridan, (Markazning fikriga ko‘ra, u dunyoning eng istiqbolli markaziy himoyachilaridan biri hisoblanadi) va na “Lans” e’tiboridan chetda qolmaydi. Klub uni juda arzon narxda o‘z safiga qo‘shib oladi, fransuzchasiga aytganda, bir bo‘lak non narxiga – une bouchée de pain ga sotib oladi.

Fransiya chempionatiga qo‘shilganida, 19 yoshli himoyachi butun bir mamlakat futbolining umidlarini o‘z zimmasiga oladi: vatandoshi Eldor Shomurodov bilan birgalikda ular top-5 chempionatlarda o‘ynayotgan ikki o‘zbekistonlik hisoblanadi. Shuning uchun yosh iste’dodning rivojlanishi yurtidagi muxlislar tomonidan qiziqish bilan kuzatib boriladi. “Abduqodir o‘ynaganda, millionlab o‘zbekistonliklar “Lans” o‘yinlarini tomosha qiladi”, – deb hayajonlanib gapiradi Saydullayev. “U Liga 1 tarixidagi birinchi o‘zbekistonlik, shuning uchun biz u bilan juda faxrlanamiz”. “Lans”ning Instagram sahifasi ham bunga misol bo‘ladi: Husanov tushgan har bir surat o‘zbek muxlislari tomonidan iliq kutib olinadi va izohlarda ko‘plab O‘zbekiston bayroqlari paydo bo‘ladi.
Bir yildan ortiq vaqt o‘tgach, Artuada to‘p surayotgan Husanov, O‘zbekiston terma jamoasi safida ham allaqachon bir nechta o‘yin o‘tkazgan va klubiga ham moslashib bormoqda. Til to‘siqlari uni to‘xtatmayotganga o‘xshaydi: himoyachi ekvadorlik Joanner Chavez bilan do‘stlashdi. “Ular qanday qilib muloqot qilayotganiga aqlim yetmaydi”, – deydi Uill Stil matbuot anjumanida kulib. “Dastlab, klub tarjimon yollashidan oldin, biz telefonimdagi tarjimon orqali muloqot qilardik”, – deydi u intervyuda. Frankovski ozgina ruscha gapiradi, bu ham yordam beradi”. Fransiyada u birinchi mavsumida o‘n besh o‘yinda qatnashib, Chempionlar Ligasida ham tajribaga ega bo‘ldi. Yosh himoyachi o‘zini ko‘rsatmoqda va buni hamma sezmoqda.
Faqat kuch bilan cheklanmaydi
Otning o‘limi itning bayrami deganlaridek: bu mavsumda Dansoning “Roma”ga transferi borasidagi muvaffaqiyatsizligi Abduqodirga “Lans”ning uchlik himoyasida asosiy o‘yinchi sifatida o‘z o‘rnini egallash imkonini berdi. Danso to‘p bilan yaxshi muomala qilib, maydonni yaxshi his etsa, Husanov asosan jismoniy kuchi bilan lol qoldiryapti. “U monstrga o‘xshaydi, bugun yana nimalar qilar ekan ? Meni qo‘rqitadi”, — deydi Bris Samba yosh jamoadoshining “Nitssa”ga qarshi (0:0) o‘tkazgan muvaffaqiyatli o‘yini haqida.

“O‘zbekistonda poyezd yoki Abduqodirning urib ketishi bir xil narsa”
Narzulla Saydullayev, jurnalist
An’anaviy kurash tarixi yuz yilliklarga borib taqaladigan mamlakatdan kelgan Husanov duelga moslashgan ko‘rinadi. Uill Stil uni “urish mashinasi”ga o‘xshatadi va bu borada vatandoshlari tasvirini yanada kuchaytiradi. “O‘zbekistonda poyezd yoki Abduqodir urib ketishi bir xil narsa”, – deydi Narzulla Saydullayev kulib. Birga-bir kurashda yutishlar o‘yin statistikalarida ham o‘z aksini topadi : Liga 1 markaziy himoyachilari orasida “Lans” o‘yinchisining duellarda muvaffaqiyat darajasi eng yuqori (84,6%) hisoblanadi. Kuchli himoyachi shablonidan uzoqlashib, Husanov mahoratining turli qirralarini rivojlantirmoqda.

Ushbu muvaffaqiyatlar “Lans” jamoasi uchun ham samarali bo‘ladi. Uch yil davomida Danso, Medina va Gradiga hech qanday jiddiy raqobatchi paydo bo‘lmay, xotirjam bo‘lishgan edi. Bu Uill Stilga bosh og‘rig‘i bo‘lishi aniq: endi porlayotgan yosh futbolchiga yo‘l berish uchun uchlikdan birini qurbon qilish kerakmi?
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring!
Telegram: https://t.me/uzmatchday
Instagram: https://www.instagram.com/matchday.uzbekistan/#