“Dastlab futbolga oilam va qarindoshlarim qarshi bo‘lgan” — “OKMK” a’zosi Munisa Giyasova bilan suhbat

Matchday.uz jamoasi ayollar futboli mavzusini davom ettiradi. Bu galgi mehmonimiz “OKMK” a’zosi Giyasova Munisa bo‘ladi.

— Assalomu alaykum, Munisa. O‘zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz.

— Vaalaykum assalom. Men Giyasova Munisa 2000-yil Olmaliq shahrida tavallud topganman. Hozirgacha shu yerda istiqomat qilaman. 2023-yilda Jismoniy tarbiya va sport institutini bitirganman.

— Futbolga qiziqish qachondan boshlangan?

— 11 yoshimda mahallada bolalar bilan ko‘p futbol o‘ynardim. Va mahallamizda birinchi murabbiyim meni qiziqishimni ko‘rib, futbolga oborganlar.

— Nimaga aynan futbol, boshqa sport turlari emas?

— 5 yoshligimdan taekvondo bilan shug‘ullanib kelganman. Lekin dadam xohlaganlari uchungina borardim. Futbol esa umuman boshqa mavzu edi. 5 yil taekvandoga borib his qilmagan barcha hissiyotlarim shu ko‘chada koptok tepishga yetmasdi.

— Yana qaysi sport turlariga qiziqasiz?

— Menga ko‘proq erkin kurash yoqadi. Va sport turini ham sinab ko‘rganman. Futbol va erkin kurash o‘rtasida tanlov bo‘lgan. Men futbolni tanlaganman.

— Futbolga kirib kelish qanday bo’lgan? qaysi klubda yoki qaysi maktabda shug‘ullanishni boshlagansiz?

— Futbolga oilam va qarindoshlarim qarshi bo‘lishgan. Faqat onamga iltimos qilardim. Juda qiziq voqealar shu futbolga borish orqasidan sodir bo‘lar edi.

Birinchi murabbiyim Umid aka Olmaliqdagi bolalar guruhiga qo‘shgan. U vaqtlari bizga ajratilgan maydonlar hozirgidek sharoitga ega bo‘lmagan. Uydan do‘konga deb chiqib, trenirovka qilib keyin qaytib kelardim.

Qarindosh akamning butsalarini kiyim olardim. U 2-3 hajm katta bo‘lsa ham uni kiyib, mashg‘ulotlarga yugurardim. Bolalar ba’zan meni jamoasiga olgisi kelmasdi. Murabbiyim esa doim menga ahamiyat bergan. Doim asosiy tarkibda o‘ynardim. Erinmasdim, tun-u kun futbol bilan yashaganman.

Bir safar dadam ham onam ham futbolga juda qat’iy qarshilik qilishgan. “Hali ko‘rasizlar, menga ishoninglar, futbolda yaxshilaridan biri bo‘laman, dunyo kezaman“ deganman. Ular esa hali yosh, keyinchalik o‘tib ketadi deb indashmagan. Shu-shu mashg‘ulotlarga ruxsat olganman.

— Hozirda qayerda faoliyat olib borasiz?

— 2013-yil “OKMK” ayollar klubi ochilgan. Hozirga qadar shu jamoada to‘p surib kelaman. Jamoada eng uzoq yil o‘ynagan futbolchiman deb bemalol ayta olaman.

— Qiz bola sifatida futbolchi bolish osonmi yoki qiyin?

— Hozirga kelib osonlashdi. Chunki qabul qilish oldingi paytlardan ko‘ra ancha yaxshi. Berilayotgan mashg‘ulotlar ham ancha yengillashgan. Klub ochilganda eng yosh o‘yinchilardan edim. Kattalar bilan tengma-teng mehnat qilardim. Mashg‘ulotlarda hech qanday bahonalar ishlatmaganman.

— Sizda qanday qiyinchiliklar bo’lgan?

— Qiyinchilik — bu kuchlilik. Menda ham yoshimga qaraganda ancha erta qiyinchiliklar bo‘lgan. Lekin bu sinovlarsiz hozirgi Munisa bo‘la olmasdim, deb o‘ylayman.

Ochiqlashni xohlamayman. Hammasi Allohdan, hozirgi kunimdan roziman. Hammasi ortda qoldi. Oilada qiyinchilik bo‘lsa, hamma yukni bo‘yniga oladigan bir farzand bo‘ladi. Shunaqalardan bittasi o‘zim bo‘lganman.

— Sovrinlaringiz?

— Sovrinlarim ko‘p, ammo eng qadrlisi, bitta jamoada ko‘p yillar mehnat qilib, 2024-yilda medal taqqanim. Bu kun hech qachon esimdan chiqmaydi. Kuchli jamoada o‘ynash boshqa, lekin yangidan tuzilgan jamoaning yuksalishiga kichik bo‘lsa-da o‘z hissangni qo‘shish boshqa.

— Maroqli suhbat uchun rahmat, Munisa.

— Sizga ham tashakkur.

Back To Top