Matchday.uz jamoasi ayollar futboli mavzusini davom ettiradi. Bu galgi mehmonimiz “Bunyodkor” jamoasi a’zosi Meruert Rahmatullayeva bo’ldi.

Ismim Rahmatullayeva Meruert, Toshkent viloyati Yangibozor shahridanman. Hozirda maktabda o’qiyman
Futbolga qiziqish qachondan boshlangan?
Yoshligimda futbol tomosha qilganimda ushbu o’yin menga juda yoqqan va futbol bilan shug’ullanishni orzu qilganman. Mana hozir o’sha orzuyim amalga oshdi.
Nimaga aynan futbol, boshqa sport turlari emas?
Yoshlik paytimdan futbol mening ko’chada, maktabda va televizorda hayotim mazmuniga aylangan edi. Bu bolalikdan muhabbat edi. Shu sababli futbolni va futbolchi bo’lishni tanlaganman.
Yana qaysi sport turlariga qiziqasiz?
Futboldan tashqari menga voleybol yoqadi. Bu ham jamoaviy o’yin. Lekin, ritm va dinamikasi boshqacha.
Futbolga kirib kelish qanday bo’lgan? Qaysi klubda yoki qaysi maktabda shugullanishni boshlagansiz?
Buvim meni birinchi mashg’ulotga olib borganlar va birinchi mashg’ulotning o’zidayoq bu sport meniki ekanligini his qilganman. O’shandan beri futbol men uchun o’zgacha sport bo’lib qoldi. Men Toshkent viloyati sport maktabida shug’ullanishni boshladim. Men u yerda 2 yil shug’ullandim. Keyin murabbiyim meni “Bunyodkor”ga ko’rikka olib bordi. O’sha paytdan boshlab hozirgacha “Bunyodkor”daman.
Hozirda qayerda faoliyat olib borasiz?
Bugungi kunda “Bunyodkor” futbol klubida o’ynab kelaman.

Qiz bola sifatida futbolchi bo’lish osonmi yoki qiyin?
Bu albatta qiyin. Ba’zida qizlar ham yuqori saviyada o‘ynay olishini isbotlashga va noxolis munosabatni yengishga to‘g‘ri keladi.
O’zimdagi qiyinchiliklar haqida gapiradigan bo’lsam, kattalar bilan mashq qilishni boshlaganimda qo‘rqardim va ko‘pincha xato qilardim. Qiyin bo‘lgan, lekin ota-onam har doim menga ishonib kelishgan, qo‘llab-quvvatlashgan va ruhlantirishgan.
Aynan ular sabab taslim bo‘lmadim va oyoqqa tura oldim. Bu uchun alohida rahmat aytmoqchiman.
Ozizda va boshqa qizlarda qanday muammolar bo’lgan futbolchi bo’lishda?
Boshida juda qiyin bo’lgan. Chunki boshida hech kim muvaffaqiyatga erishishimga ishonmasdi. Mashg‘ulotlarni boshlaganimda, ayollar jamoalarini va yaxshi sharoitlarni topish mushkul edi. Ko‘plab qizlar xuddi shunday muammolarga duch kelishgan va kelishmoqda. Ayollar futboliga e’tibor kam va jamiyat tomonidan yetarli qo‘llab-quvvatlash yo‘q.

Futbolga muhabbat o’z-o’zidan paydo bolganmi? Yoki kimdir sababchi bo’lganmi?
Meni futbolga mehr qo‘yishimga sababchi bo‘lgan inson bu Krishtianu Ronaldu. Uning o‘yinlarini tomosha qilardim, texnikasi, matonati va xarakteriga qoyil qolardim. Aynan u men uchun o’ziga xos “Role model” bo’lgan.
Ayollar futboli rivojlanishi uchun nimalar kerak deb o’ylaysiz?
Ayollar futbolini rivojlantirish uchun, eng avvalo, ko‘proq e’tibor va qo‘llab-quvvatlash zarur. Moliyaviy ta’minot, sifatli infratuzilma yaratish va yosh qizlarga ko‘proq imkoniyatlar taqdim etish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, jamiyatning ayollar futboliga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish lozim, toki u erkaklar futboli bilan teng darajada qabul qilinsin.

Jamiyat qarashini qanday ozgartirish mumkin?
Jamiyatning qarashlarini o‘zgartirish uchun ayollar futbolini ommalashtirish, yosh futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash va qizlarning sportdagi yutuqlarini keng yoritish kerak deb o‘ylayman.
Odamlar qizlarning muvaffaqiyatlarini qanchalik ko‘p ko‘rsalar, ularning bu boradagi munosabati shunchalik tez o‘zgaradi deb hisoblayman.
Eng katta motivatsiyangiz nima?
Mening motivatsiyam – bu murabbiyim va ota-onam. Murabbiy meni kundan-kunga yaxshiroq bo‘lishim uchun ilhomlantiradi, ota-onam esa har doim qo‘llab-quvvatlaydi va taslim bo‘lmaslikka yordam beradi.

Erishgan yutuqlaringiz?
2022-yilda CAFA U-15 chempioni, 2023-yilda CAFA U-17 chempioni, 2024-yilda CAFA U-18 kumush medali sovrindori bo’lganman. Bundan tashqari 2024-yilda Futzal bo’yicha O’zbekiston chempioni bo’lganman

Qiziqarli va samimiy suhbat uchun tashakkur aytamiz Meruert. Kelajakdagi faoliyatingizga omad tilaymiz.