Ertaga futbol bo’yicha JCH-2026 saralashi doirasida terma jamoamiz o’ynaydi.

Toshkent vaqti bilan soat 21:00da start oladigan bo’lajak o’yin oldidan bugun qo’shnilarimiz bosh murabbiyi Maksim Lisisin va futbolchisi Valeriy Kichin, shuningdek terma jamoamizning bosh murabbiyi Temur Kapadze va futbolchimiz Odiljon Hamrobekov ishtirokida matbuot anjumani o’tkazildi.
Qirg’iziston Respublikasining bosh murabbiyi Maksim Lisisin: Ertaga bizni jiddiy uchrashuv kutib turibdi. Bosim yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Ayni vaqtda futbolchilarimizning holati yetarli darajada yaxshi. Biz ushbu bahsga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rdik. Umuman olganda, ayni vaqtda bizda muammolar yo‘q.
Safar uchrashuvlaridagi muvaffaqiyatsizliklar haqida
Birinchi navbatda aytadigan bo‘lsam, bizga bu borada biroz tajriba yetishmayapti. Uyda har doim qulay, safarda esa aksi. Sababi, o‘z maydoningda muxlislar seni ancha yaxshi qo‘llab-quvvatlaydi. Bu muammoni bartaraf etishga harakat qilamiz.
O‘zbekistonga qarshi g‘alabasiz seriya haqida
O‘ylaymanki, yigitlar bu statistika haqida o‘ylamadi ham. Ular ertaga sifatli o‘yin namoyish etishga harakat qiladi.
Qirg‘iz Respublikasi prezidenti ilk davradagi bahsda O‘zbekistonni yutsa, terma a’zolariga mashina sovg‘a qilishi haqidagi mish-mishlar haqida
Bunaqa gap bo‘lmagan. Bizning o‘zimizda yetarlicha motivatsiya bor edi. Bizni federatsiyamiz yaxshi qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq bu haqida eshitmaganman ham.
Siz o‘tgan mavsum Superligada harakat qilgansiz. Bu ertangi bahsda sizga yordam beradi, deb o‘ylaysizmi?
Qirg’iziston Respublikasining futbolchisi Valeriy Kichin: O‘zbekiston Superligasida harakat qiluvchi futbolchilar va terma jamoa a’zolari o‘rtasida farq katta. Sababi, O‘zbekistonda juda ko‘p sifatli legionerlar bor va ular terma jamoada o‘ynamaydi. Umuman olganda, menimcha bu yordam bermaydi.
O’zbekiston terma jamoasining bosh murabbiyi Temur Kapadze: Ertaga bizni qiziqarli uchrashuv kutmoqda. Uning naqadar muhimligini his qilib turibmiz. Tayyorgarlik yaxshi kechmoqda, o‘z uyimizda, muxlislarimiz bilan birga g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Futbolchi sifatida Qirg‘iz Respublikasiga qarshi o‘yinlarda maydonga tushganman, biroq hozir vaziyat butunlay boshqacha. U yerda ham futbol rivojlanmoqda.
Yigitlar uchrashuvga tayyor, barchalari sog‘-salomat. FIFA kunlari bo‘lgani sababli aksariyat legionerlarimiz kechroq yig‘inga qo‘shilishdi. O‘ylaymanki, futbolchilarimiz eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etishadi. Jarohatlar futbolning ajralmas qismi. Chunki maydonda haqiqiy kurash kechadi. Milliy terma jamoa o‘yinchisi har qanday holatga tayyor turishi kerak. Albatta, har bir futbolchining o‘z o‘rni bor, lekin tarkibimizdagi boshqa o‘yinchilar ham yuqori saviyada harakat qilishadi va Husniddin Aliqulovning yo‘qligini sezdirishmaydi.
Oston O‘runov kechagi mashg‘ulotlarda o‘zini noqulay his qilgani uchun to‘liq harakat qila olmadi, hozir shifokorlarimiz nazoratida. Tarkibga Hojimat Erkinovni ham jalb etdik, chunki har bir futbolchi biz uchun muhim. Futbol jamoaviy o‘yin, shuning uchun har bir futbolchi bir-birining o‘rnini to‘ldira olishi kerak.
O‘z maydonimizda o‘yin o‘tkazamiz, shuning uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Bugungacha har bir uchrashuv yuqori bosim ostida o‘tgan edi, biroq futbolchilar bunga bardosh berib, kerakli natijalarni qo‘lga kiritishdi.
Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan birinchi murabbiy ekanim tarixda qoldi. Hozir oldimga qo‘yilgan muhim vazifam bor. Jamoamiz bilan birga bu vazifani uddalashimiz kerak. Hammasi o‘z qo‘limizda. Kerakli ochkolarni jamg‘arsak, guruhdagi boshqa o‘yinlarga e’tibor qaratishga hojat qolmaydi. Eng muhimi shu.
Asosiy e’tiborimiz ertangi bahsga qaratilgan. O‘yin qanday kechishidan qat’i nazar, raqibga imkon qoldirmaslik va g‘alaba qozonish uchun harakat qilamiz. Nasib bo‘lsa, muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Odiljon Hamrobekov: Avvalo, futbolchilar nomidan janob Srechko Katanesga 3,5 yillik faoliyati uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Unga sog‘lik tilaymiz. Ertangi uchrashuvning naqadar muhimligini barchamiz his qilyapmiz. Jamoa sifatida birdamlikda harakat qilib, oldimizga qo‘yilgan vazifani uddalashimiz kerak. Bunga butun jamoa bilan puxta tayyorgarlik ko‘rdik.
Maydonda nom emas, futbolchilar harakat qiladi. Agar raqibni mensimasak, bu bizning eng katta xatomiz bo‘ladi. Istaklarimiz raqib jamoanikidan yuqori bo‘lsagina, o‘z ustunligimizni namoyon eta olamiz. O‘yinchilarning darajasi ana shunda ko‘rinadi. Qirg‘iz Respublikasini hurmat qilamiz, lekin 90 daqiqa ichida har qanday raqibni mag‘lub etish mumkin. Raqib jamoaning hozirgi holati bizni chalg‘itmasligi kerak.
Muxlislar bilan to‘lgan stadionda futbol o‘ynash mezbon jamoaga har tomonlama yordam beradi, shu bilan birga, futbolchilar zimmasidagi mas’uliyatni ham oshiradi. Ichki chempionatimiz o‘yinlarida maydon holati a’lo darajada edi. O‘ylaymanki, bu biz uchun muammo bo‘lmaydi.