Superliga 1-davrasidan keyingi tanaffusda O’zbekiston futbolchilar uyushmasi ragbari Kamoliddin Murzoyev PFL vakillari bilan AQSHga safar qilishdi. Safardan ko’zlangan maqsad MLS bilan tajriba almashish va hamkorlik masalalarini muhokama qilish.

MLS 1996-yilda tashkil etilgan va qariyb 30 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan yirik tashkilot hisoblanadi. Uyushma hamda Liga AQSHlik hamkasblari bilan futbolchilar huquqlari, ular bilan bo’ladigan shartnomaviy munosabatlar, marketing, teletranslatsiyalar kabi ko’plab masalalarda fikr almashishdi.

Ishchi guruh a’zolarini MLS’ning musobaqalar masalalari bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Nelson Rodriges kutib oldi va u tashkilot mutaxassislari bilan o‘tkazilgan barcha uchrashuvlarda bevosita ishtirok etdi.
Vakillarimizga turli yo’nalishlar bo’yicha quyidagi mavzularda o’z sohasining kordinatorlari taqdimot qilib berdi:
Intellektual mulk va tijoriy huquqlar — Shinenn Fizerston (Biznes masalalari konsuli), Jordan Franklin (Yordamchi konsul)
Musobaqalar o‘tkazish masalalari — Pol Greyfer (Musobaqalar o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi)
MLS Next va MLS Next Pro dasturlari — Gordon Bengston (MLS Next dasturi koordinatori)
Futbolchilar shartnomalarini boshqarish — Kristina Labri (Shartnomalar bo‘limi ofitseri)
Translyatsiyalar va media — Yohanna Roxas (Translyatsiya masalalari koordinatori).

Aytish joizki, MLSda futbolchilarning shartnomaviy huquqiy munosabatlarida o’ziga xos rejim amal qiladi. Gap shundaki, MLSga kelayotgan futbolchilar klublar bilan emas, balki bevosita liga bilan shartnoma qilishadi.

Shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, ikkala liga ham Jahon ligalar assotsiatsiya a’zosi hisoblanadi. Bundan tashqari O’zbekiston futbolchilar uyushmasi uchun ham bu hamkorlik xalqaro aloqalarning yangi bosqichini boshlab beradi.

Muhammaddiyor Tursunov