Meni orzulariga erishayotgan ayol sportchilarimiz ilhomlantiradi.

Matchday.uz sayti ayollar futboli haqida hikoyalar davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz “Paxtakor” futbol klubi futbolchisi Sevinch Yuldasheva.

— Sevinch, avvalo o‘zingizni tanishtirib o‘tsangiz.
Men Yuldasheva Sevinch, Toshkent shahri Yuqori Chirchiq tumanidanman. Hozirda maktabni tugatganman.

— Futbolga qiziqishingiz qachondan boshlangan?
Futbolga bo‘lgan qiziqishim bolaligimdan boshlangan. Doim ko‘chada o‘g‘il bolalar bilan futbol o‘ynardim. Asta-sekin bu mening sevimli sportimga aylandi.

— Nega aynan futbol? Boshqa sport turlari emas?
Chunki futbol men uchun faqat sport emas, balki hayotimning bir qismiga aylanib ulgurgan. O’zimni boshqa sportlarda tasavvur qila olmayman.

— Yana qaysi sport turlariga qiziqasiz?
Yengil atletika, xususan, yugurishga qiziqaman.

— Futbolga kirib kelish jarayoningiz qanday bo‘lgan?
Dastlab Yangibozor shahridagi sport maktabida mini-futbol bilan shug‘ullandim, keyinchalik “Paxtakor” klubiga qo‘shildim.

— Hozir kunda qayerda faoliyat olib boryapsiz?
Hozirda “Paxtakor” jamoasida faoliyat olib borayapman va muntazam mashg‘ulotlarda qatnashyapman.

— Qiz bola sifatida futbolchi bo‘lish osonmi yoki qiyin?
Rostini aytsam, oson emas. Jamiyatda hali ham tushunmovchiliklar bor. Lekin men o‘z yo‘limni tanlaganman va taslim bo‘lish niyatim yo‘q.

— Siz duch kelgan qiyinchiliklar nimalardan iborat edi?
Har doim yaqinlarim qarshi bo‘lishgan. Ba’zan ularga bildirmasdan mashg‘ulotlarga borishga to‘g‘ri kelgan. Bu jarayonda ko‘p yillarimni yo‘qotdim.

— Sovrinlaringiz bormi?
Afsuski, hozircha yo‘q.

— Futbol siz uchun nimani anglatadi?
Futbol oddiy sport emas, hayotimning yarmi. U menga sabr, iroda va jamoada ishlashni o‘rgatdi.

— Oilangiz futbolga munosabati qanday bo‘lgan?
Onamdan tashqari, boshqa qarindoshlarim qarshi bo‘lishgan. Ammo har doim orqamda turgan, menga suyanch bo‘lgan tog‘am meni qo‘llab-quvvatlagan.

— Sizni nima ilhomlantiradi?
Orzulariga erishayotgan ayol sportchilarimiz. Har bir qiyinchilikni yengib, o‘z yo‘lini topgan insonlarning hikoyalari meni ruhlantiradi.

— Ayollar futbolini rivojlantirish uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
Avvalo, ayollarning sportdagi o‘rni haqida to‘g‘ri tushuncha shakllanishi kerak. Qizlar uchun ko‘proq imkoniyatlar, stadionlar, tajribali murabbiylar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash zarur. Shuningdek, OAVda ayollar futboliga ko‘proq e’tibor berilishi lozim.

Futboldagi eng katta orzuyingiz nima?
O‘zbekiston ayollar terma jamoasida o‘ynash.

— Siz aytgan “o‘z yo‘lini topgan insonlar” hikoyalaridan birini misol keltira olasizmi?
Ha, ulardan biri — AQSh ayollar futboli yulduzi Alex Morgan. U bolaligidan futbolga qiziqqan, ammo ko‘pchilik bu sport faqat o‘g‘il bolalar uchun, deb aytgan. Shunga qaramay, u orzusidan voz kechmagan va hozir dunyo tan olgan futbolchilardan biri.

Mening birinchi murabbiyim mashg‘ulotlardan keyin futbolchilik davridagi qiyinchiliklarini va erishgan yutuqlarini aytib berardi. Agar u shuncha to‘siqlarga qaramay orzusidan voz kechmagan bo‘lsa, men ham to‘xtamasligim kerakligini tushunardim.

Sevinch qiziqarli suhbat uchun sizga rahmat! Kelajakdagi faoliyatingizga muvaffaqiyat tilaymiz!
Sizlarga ham rahmat

Back To Top